1-oktyabr "Oʼqituvchi va murabbiylar" kuni munosabati bilan Paxtachi tumani hokimi tabrigi

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Аssalomu alaykum hurmatli ustoz va murabbiylar!
Sizlarni 1-oktyabr- "Oʼqituvchi va murabbiylar" kuni munosabati bilan chin dildan va samimiy muborakbod etaman.
Biz har birimiz hayotda qanday muvaffaqiyat va natijalarga erishgan boʼlsak, bu yutuqlarda Sizlarning beqiyos hissangiz borligini doimo minnatdorlik bilan eʼtirof etamiz. Shu bois, mana shunday quvonchli kunda barcha shogirdlaringiz, butun tumanimiz nomidan Sizlarga yuksak hurmat-ehtiromimiz, ezgu tilaklarimizni bildirib, biz uchun ibrat namunasi, yuksak insoniy fazilatlar timsoli boʼlgan aziz va moʼʼtabar zotlar shaʼniga eng goʼzal soʼzlar, ezgu tilaklarimizni izhor etamiz.
Hech qachon uzib boʼlmaydigan qarzdorlik hissi bilan chin dildan taʼzim qilamiz. Haqiqatan ham, oʼquvchilarini oʼz farzandidek ardoqlab, yosh avlod tarbiyasi uchun koʼz nuri, qalb qoʼri, butun borligʼini baxsh etadigan oʼqituvchi va murabbiylar tom maʼnoda fidoyi kasb egalaridir.
Mamlakatimizda "Yangi Oʼzbekiston – maktab ostonasidan, taʼlim-tarbiya tizimidan boshlanadi”, degan gʼoya asosida keng koʼlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbari tomonidan Oʼqituvchilar jamiyatimizning eng obroʼli kishilari sifatida eʼtirof etildi. Shu sababdan ham bugun mamlakatimizda oʼqituvchi-murabbiylarga yuksak eʼtibor berilib, ularning mehnatlari munosib qadrlanmoqda. Аlbatta, bu gʼamxoʼrlik va eʼtiborning natijasini tumanimizdagi taʼlim tizimida qoʼlga kiritilayotgan yutuqlar, oʼquvchilarning fan olimpiadalari va tanlovlardagi muvaffaqiyatlari misolida ham koʼrishimiz mumkin.
Jumladan, tumanimiz maktablarida faoliyat koʼrsatayotgan pedagoglarning sifat tarkibi,yaʼni, birinchi va oliy toifali oʼqituvchilar ulushi keyingi bir yilning oʼzida 282 (13%) nafardan 557 (24,9%) nafarga yoki qariyb 2 baravarga koʼtarilib viloyat tuman va shaharlari ichida mazkur koʼrsatkich boʼyicha birinchi oʼrinni zabt etdi.
 Joriy yilda oʼquvchilarning qoʼlga kiritgan koʼrsatkichlari ham bizni mamnun etdi. Chunonchi, 2019 yilda jami bitiruvchilarimizning 10 foizi, 2020 yilda esa 14,7 foizi oliy taʼlim muassasalariga talabalar safiga qabul qilingan boʼlsa, bu yilgi natijalarga koʼra 1732 nafar bitiruvchilarimizning 528 nafari yoki 30,5 foizi oliy taʼlim muassasalariga oʼqishga kirishga muvaffaq boʼlib, bu koʼrsatkich boʼyicha ham viloyatning tuman va shaharlari ichida birinchi oʼrinni qoʼlga kiritdik. Yuqoridagi oʼta mashaqqatli yutuqlarni qoʼlga kiritishda fidoiylik koʼrsatgan barcha jonkuyarlarimizga tasannolar aytamiz
 Shu oʼrinda yana bir muvaffaqiyatni eʼtirof etish oʼrinliki, joriy yilda tumanimizda fizika va matematika fanlariga ixtisoslashgan maktab internati tashkil etildi. Tumanimizning iqtidorli oʼquvchi-yoshlari uchun bu juda katta imkoniyat albatta.
Mamlakatimizda maktabgacha taʼlim tizimiga bola tarbiyasidagi eng muhim va oʼta zaruriy boʼgʼin sifatida eʼtibor qaratildi. Bugun bu boradagi islohotlar natijasida tumanimizdagi barcha maktabgacha taʼlim muassasalari taʼmirlanib zamonaviy qiyofa aks etdi. Tumanimizdagi 41 ta davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti, 2 ta xususiy davlat sheriklik, 156 ta oilaviy maktabgacha taʼlim tashkilotlarida nafar bolajonlar taʼlim-tarbiya olmoqda.

Аziz ustozlar!
Har yilgi anʼanaga koʼra Prezidentimiz Farmoniga binoan 1 oktyabr- Oʼqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan yosh avlodga taʼlim-tarbiya berishda fidoyilik qilgan, samarali va munosib xizmat qilgan bir guruh ustoz va murabbiylar taqdirlanadilar. Bu yilgi mehnat natijalarimizga koʼra bir nafar oʼqituvchimiz “Sodiq xizmatlari uchun” medali bilan, tuman xalq taʼlimi boʼlimi mudiri “Xalq taʼlimi fidoiysi” koʼkrak nishoni bilan, yana 8 nafar oʼqituvchilarimiz esa Xalq taʼlimi aʼlochisi nishoni bilan taqdirlandilar.
Barcha taqdirlanganlarga unvonlar muborak boʼlsin deymiz.

Muhtaram va mehridaryo murabbiylar!
Siz, azizlarni va sizning timsolingizda ustoz degan sharafli nomni ulugʼlab kelayotgan barcha insonlarni yana bir bora 1-oktyabrь-Oʼqituvchi va murabbiylar kuni bilan samimiy qutlayman.
Barchangizga sihat – salomatlik, farzandlari va shogirdlari iqbolini koʼrishdek oliy baxt nasib etishini tilayman!

2015-2024 © Пахтачи туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM