Komstok qurti – xavfli zararkunanda

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Komstok qurti teng qanotlilar turkumining, koksidlar – “Coccinea” kenja turkumiga, so‘ruvchi hasharotlarning ung‘uborli qurtlar oilasiga mansub bo‘lib, xavfli ichki karantin hasharotdir. Uni deyarli barcha mevali va manzarali daraxt, daraxtsimon o‘simliklar hamda ayrim o‘tsimon o‘simliklarda (hatto tut qatorlariga yaqin joylarda, g‘o‘zada ham) uchratish mumkin. Mevali daraxtlardan anor, olma, nok, shaftoli, shuningdek, tutlarni qattiq zararlaydi. Komstok qurti har qanday daraxtda uchrashi, panada hayot kechirishi, biologik xususiyatlari juda ko‘p urug‘li bo‘lib, tabiatda tez tarqalishi hisobiga unga qarshi kurashish juda qiyindir.

   Komstok qurti Markaziy Osiyoning barcha respublikalariga, shuningdek, Gruziya, Armaniston va Ozarbayjonga tarqalgan.

   Tarqalishi. Komstok qurtining vatani Yaponiya va Xitoy davlati bo‘lib, entomolog S.Kuvan 1902-yilda bu qurtni ta’riflaydi va unga Amerika entomologi Komstok sharafiga “Komstok” nomini beradi.

   Hozirgi vaqtda komstok qurti Osiyo, Afrika, Avstraliya, Amerika va Yevropaning ko‘pgina mamlakatlarida tarqalgan. MDHda komstok qurti birinchi marta 1939-yilning avgust oyida O‘rta Osiyo ipakchilik institutining Toshkent shahri yaqinidagi “Jarariq” tajriba xo‘jaligida Yaponiyadan keltirilgan yirik bargli tut ko‘chatlarida aniqlangan. Keyinchalik Toshkent viloyatining butun sug‘oriladigan qismida tarqalib, so‘ngra respublikaning boshqa viloyatlariga ham tarqalib ketgan.

   Biologik xususiyati. O‘zbekistonda komstok qurti bir yilda 3 marta avlod beradi, qisman 4 marta ham avlod tarqatadi. Lekin sovuq tushishi bilan 4-avlod qirilib ketadi.

   Komstok qurti tuxum bosqichida qishlaydi. Bir urg‘ochi qurt 250 dan 600 donaga qadar sarg‘ish – zarg‘aldoq tusdagi tuxumni mumsimon oq qopchiqqa tashlaydi. Bu qopchiqni urg‘ochi qurtning mum ajratuvchi bezlari yasab chiqaradi. Uchinchi nasl sentabr-dekabr oylarida qishlash uchun tuxum tashlaydi. Bu mumsimon qopchiqlar yozdagilariga nisbatan sertuk va zichroq bo‘ladi. Bir avlodining rivojlanishi haroratga qarab 42 kundan 65 kungacha davom etadi. O‘zbekiston sharoitida komstok qurti birinchi avlodining rivojlanishi aprel oyining boshidan may oyining oxirigacha davom etadi, ikkinchi avlodi may oyining o‘rtalaridan iyul oyining boshigacha, uchinchi avlodi esa iyul oyining boshidan sentyabr oyining o‘rtalarigacha davom etadi.

    Zarari. Komstok qurti turli mamlakatlarda ma’lum ekinlarga juda ko‘p zarar yetkazadi. Masalan, Yaponiyada u tutga katta zarar yetkazadi. Xitoyda esa choy plantatsiyalariga, AQShda bananlarga, Koreyada olma daraxtlariga zarar yetkazadi.

   Komstok qurti 300 xil o‘simlikni zararlaydi. Ular daraxt tanasi, shoxlari va barglarida katta-katta koloniya bo‘lib joylashadi va daraxt shirasini so‘rib olib, uning darmonini quritadi va o‘sishini zaiflashtiradi. Kuchli zararlangan daraxtlarda shishlar paydo bo‘lib, yosh novdalar quriydi va barglar to‘kiladi. Shaftoli, behi, nok, olma, uzum, zarang, chinor, kartoshkada ham oz bo‘lsada, uchrab turadi.

   Tutda, ko‘pgina manzarali daraxtlar va buta o‘simliklarida komstok qurti barglarning ostki yuzida, kurtagi, ko‘k novdalarining butog‘ida, shuningdek, daraxt tanalari va shoxlarida oziqlanadi. Komstok qurti mevali daraxtlarda gulkosalar va meva bandlari tevaragida to‘planishni yaxshi ko‘rib, barglaridan qochadi hamda novdalarda uncha rivojlanmaydi.

   Komstok qurti bahor va yozda anor tupining ildizi va novdalarida rivojlanib, kuzda esa meva kosachalarining ich-ichiga kirib ketadi. U sabzavot ekinlarining barg qatlarida va ildiz-mevalarining yuqori qismida tarqaladi. Kartoshkada bu qurt ildiz bo‘g‘nining va kartoshkaning o‘zini shikastlantiradi.

   Kurash choralari. Komstok qurtiga qarshi muvaffaqiyatli kurash olib borish uchun bir qancha kurash tadbirlari ishlab chiqilgan. Karantin tadbirlari bajarilgan sharoitdagina qurtning zararli faoliyatini to‘xtatish va uning bundan buyon tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik mumkin. Bularga quyidagi karantin tadbirlari kiradi: ko‘chatlarni ko‘zdan kechirish hamda komstok qurtiga qarshi agrotexnik, biologik va kimyoviy kurash usullari ishlatiladi.

   Tashkiliy-xo‘jalik, agrotexnik, biologik va kimyoviy usullar yordamida zararlangan daraxtlardagi komstok qurti zichligini kamaytirish, uning keyinchalik rivojlanishi uchun noqulay sharoit yaratish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri daraxt hamda mevani himoya qilish tadbirlarini amalga oshirish lozim.

   Biologik kurash sifatida psevdafikusni laboratoriya va dala sharoitlarida ko‘paytirish mumkin. Buning uchun kuzda mumiyalashgan komstok qurtlarini tabiatda yig‘ishtirib olib, laboratoriyaga olib kelinadi va sovutgichlarda -3 dan +60 gacha bo‘lgan sharoitda bahorgacha saqlanadi. Mart-aprel oylarida esa qaytadan tabiatga, komstok qurti tarqalgan daraxtlarga qo‘yib yuboriladi.

   Kimyoviy kurash sifatida komstok qurti tarqalgan daraxt va o‘simliklarga quyidagi insektitsidlar bilan ishlov beriladi: siperfos – 0,1%, dursban – 0,1%, karate, talstar – 0,05%, benzofosfat – 0,3%, mospilan – 0,02%, konfidor – 0,03%, sipermetrin – 0,03%.

   Karantin tadbirlar. Komstok qurti o‘choqlarini topish, tarqalish chegarasini belgilash hamda qarsh kurash miqyosini aniqlash uchun mutaxassislar har yili tut, anor ko‘chatlari hamda boshqa daraxt va dala ekinlari, begona o‘tlarni ko‘zdan kechiradilar.

   Komstok qurti tarqalmagan hududda uning tarqalishi ehtimoli kutilgan joylarda (shaharlar, tuman markazlari, aholi yashaydigan punktlar, issiqxonalar, ilmiy-tadqiqot muassasalari, tomorqalar, vokzal, aeroport, avtostansiya, bozor hududlari komstok qurti tarqalgan hududdan keltirib o‘tkazilgan ko‘chatlar va qo‘riqxonalarning tevaragi) tut, anor ko‘chatlari batamom ko‘zdan kechirib tekshiriladi. Daraxtda komstok qurti topilgan bo‘lsa, shu o‘choqdan 5-10 km kenglikdagi barcha daraxtlar tekshirib chiqiladi.

   Karantinga olingan hududda xo‘jalik, tashkilot, korxona rahbarlari shu zararkunandaga qarshi kurashish tadbirlarining o‘z vaqtida va to‘la bajarilishiga mas’uliyatli bo‘lib, quyidagi karantin qoidalariga amal qilishlari darkor.

1) payvand qilinadigan tut va boshqa dov-daraxtlar faqat komstok qurti bilan zararlanmagan uchastkalardangina olib tayyorlanishi kerak;

2) komstok qurti bilan zararlanmagan tumanlarga tut bargi olib borilishiga yo‘l qo‘yilmaydi;

3) zararlangan hududdan boshqa xo‘jaliklar, tuman, shahar, viloyat va respublikalarga ko‘chat hamda o‘simliklardan olinadigan boshqa mahsulotlar o‘simlik karantini va himoyasi bo‘yicha davlat xizmati organlari beradigan karantin sertifikatlariga asoslangan, karantin qoidalariga rioya qilgan holda yuboriladi;

4) komstok qurti karantin ostiga olingan hududlarda yangi ko‘chatzorlar, tutzorlar, bog‘lar, tokzorlar, anorzorlar faqat o‘simlik karantini va himoyasi bo‘yicha davlat xizmatining ruxsati bilangina barpo qilinmog‘i shart.

Paxtachi tuman O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi agranom inspektorlari Abror Zulfuqorov va Nodir Turaqo‘lov

2015-2024 © Пахтачи туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM