O‘rgimchakkananing olma daraxtiga zarari va unga qarshi kurash choralari

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Oddiy o‘rgimchakkana olma daraxtiga kuchli zarar yetkazadi, ammo boshqa urug‘li va danakli meva daraxtlariga ham tushadi. U zararlagan barglar dastlab sarg‘ayadi, keyin esa qo‘ng‘ir tusga kirib to‘kilib ketadi, daraxt kuchli zararlanib, hosili mayda, sifatsiz va kam bo‘lib qoladi, hosildorlik 35–70% gacha kamayishi mumkin.
Ta’rifi. O‘rgimchakkana mayda bo‘g‘im oyoqli jonivor bo‘lib, uni oddiy ko‘z bilan zo‘rg‘a ko‘rish mumkin. Tanasi oval shaklida, 0,3–0,6 mm, rangi ko‘kish-sariq, ustida ikkita qoramtir dog‘i bor. Urg‘ochilari qishlaganda qip-qizil tusga kiradi. Tuxumi yumaloq shaklda, rangsiz, lichinkasida uch juft, yetuk zotida to‘rt juft oyoqlari bor.
Hayot davri. O‘rgimchakkana bargning orqa tomoniga joylashib uya yasaydi va shu uyada rivojlanadi. Urg‘ochi kana o‘sha uya tagiga o‘rta hisobda 140, ko‘pi bilan 600 donagacha tuxum qo‘yadi. Ob-havo sharoitiga qarab, yozda 2–5 kun, erta ko‘klamda esa 7–10 kun o‘tgach tuxumlaridan lichinkalar chiqadi. Yoz davomida 12–18, shimoliy rayonlarda 14 avlod beradi. Urug‘langan urg‘ochi kanalar oktyabr o‘rtalarida qishlashga keta boshlaydi, erkak kanalar esa qishga borib deyarli qiriladi. Kanalar qishlovga ketish oldidan qizaradi, oziqlanishdan to‘xtaydi. Urg‘ochi kanalar kuzda qaysi dalada oziqlangan bo‘lsa, o‘sha dalada yoki uning yaqinida (to‘kilgan barglar tagida, begona o‘tlarning ildiz bo‘g‘zida, tuproq yoriqlarida va kesakchalar orasida) tirik holda qishlaydi. Qishlashdan mart oyida – o‘tlar ko‘kara boshlab, sutkalik o‘rtacha harorat kamida 7°C bo‘lganida chiqadi va dastlab kurtaklar bilan keyinchalik esa barglarga o‘tib oziqlanadi. Birinchi bo‘g‘inlari begona o‘tlarga va keyinchalik esa o‘tlar dag‘allashganidan so‘ng daraxtlarga o‘tadi. Harorat yuqori bo‘lganida kananing urchishi tezlashadi.
Red Delishez, Golden Delishez, Roum Byut va Jonatan olma navlari ushbu kana zarariga ko‘proq chalinuvchan hisoblanadi.
Kurash choralari. Bog‘larda chang ko‘tarilishini kamaytirish va daraxtlarni doimiy suv bilan ta’minlab turish kanalarni tez ko‘payishining oldini oladi. Kurtaklar bo‘rtish vaqtida mineral moylar bilan tarkibida xlorpirifos, abamektin yoki diazinon bo‘lgan vositalarni aralashtirib ishlov beriladi. Vegetasiya davrida esa har bir bargda 10 tadan ortiq tirik kana topilsa tarkibida abamektin, gesitiazoks, spirotetramat, amitras, bifentrin va propargit bo‘lgan preparatlar bilan ishlov beriladi.
Biologik kurashda esa, o‘rgimchakkanaga qarshi Prestij Plyus bioinsektisidini 10 litr xlorsiz suvga 200 gramm aralashtirib, ishchi eritma tayyorlanadi. Quyosh botgandan so‘ng, ushbu eritmani olma daraxtiga yoppasiga ishlov berilishi yaxshi natija ko‘rsatadi.

 

Paxtvchi tuman O'simliklar karantini va himoyasi agentligi bo'lim boshlig'i:

Sobir Daminov

 

Agronom inspektori:

Abror Zulfukorov